TOShKENT, 19 yanv – Sputnik. O‘zbekiston shifokorlari o‘zak transplantatsiyasida rossiyalik mutaxassislar bilan hamkorlik qilmoqda. Bu haqida Sputnik muxbiriga Respublika ixtisoslashtirilgan gemotologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova aytib berdi.
O‘zbekistonda ushbu murakkab operatsiyalarni amalga oshirish uchun Rossiyadan “Suyak ko‘migi transplantatsiyasidan keyingi asoratlar va immun tizimi ta’siri”ni o‘rganuvchi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Mixail Drokov va Turkiyaning Anqara shahri, Abdurahman Yurtaslan onkologiya markazi qoshidagi “O‘zak xujayralar transplantatsiyasi markazi” direktori, professor Fevzi Altintash maslahatchi sifatida jalb qilingan.
O‘zaro hamkorlikda markazda onkogematologik kasalliklarni davolash jarayoniga yuqori texnologik tekshiruv usullari, allogen transplantatsiya joriy qilish bosqichlari, allogen transplantatsiyadan keyingi reabilitatsiya bosqichlarini belgilash, o‘tkir surunkali leykoz kasalliklarini molekulyar-genetik tekshirish, ya’ni oqim sitoflyurometriyasi, immunofenotiplash va sitogenetik yangi zamonaviy usullar bilan tekshirish usullari yo‘lga qo‘yilgan.
Shu kunga qadar, Respublika ixtisoslashtirilgan gemotologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi 46 nafar miyeloma kasalligi bilan bemorlarda autologik (o‘zidan o‘ziga) o‘zak hujayralar transplantatsiyasi o‘tkazilgan.
Boshqa kishining o‘zak hujayrasini ko‘chirib o‘tkazish (allogen transplantatsiya) bo‘yicha operatsiyalar yaqin bir necha oy ichida boshlanishi rejalashtirilgan.
Rossiya gematologiya ilmiy markazi mutaxassisi Mixail Drokov bilan birgalikda “Allogen gemopoetik o‘zak hujayralar transplantatsiyasi” milliy protkoli, standart operatsion muolajalari ishlab chiqildi.
“Onkogematologiya va transplantatsiya bo‘limlarida hamshiralik ishlarini tashkil qilish, kimoterapiya vositalarini tayyorlash, hamshiralar malakasi oshirildi. Bemorlarini transplantatsiyaga tayyorlash, transplantatsiya jarayonida hamshiralik yordami va parvarishi, amaliyotdan so‘ng bemorlarni parvarish bo‘yicha o‘qitish, uy sharoiti o‘z-o‘ziga va qarovchilar yordami bo‘yicha ma’ruzalar qilindi. Markaz hamshiralari bilan ish jarayonlarida mahorat darslari o‘tkazildi”, - dedi Mahmudova.
Ma’lumot uchun, Chexiya, Belarus, Turkiya va Germaniya yirik gematologiya markazlari tajribalari ham o‘rganilib, hamkorlik shartnomalari tuzilgan.