Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Pushilin: Rossiya harbiylari Marinkada muhim muvaffaqiyatlarga erishmoqda

DXR rahbari vazifasini bajaruvchi u yerda barcha balandliklar tozalanib bo‘lingani va harbiylar tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. DXR rahbari vazifasini bajaruvchi Denis Pushilin Rossiya harbiylari Marinkada muhim muvaffaqiyatlarga erishayotganini ma’lum qildi.

“Marinka aholi punktida ham ma’lum muvaffaqiyatlar bor. Barcha balandliklar tozalanib bo‘lingan va bo‘linmalarimiz tomonidan nazoratga olingan. Bu yerda harbiy xizmatchilarimizning kechayu kunduz ishlayotganini ko‘rmoqdamiz”, - dedi u “Rossiya 24” telekanali efirida.

Pushilinning qo‘shimcha qilishicha, u yaqin kelajakda harbiylar qishloq ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishiga umid qilmoqda.
Marinka - DXR poytaxtining Petrovskiy tumanidan bir kilometr uzoqlikda joylashgan. U yerda Ukraina kuchlarining muhim pozitsiyalari joylashgan.
Shuningdek, Pushilin Rossiya kuchlari Soledardagi Sol temir yo‘l stansiyasini egallab olgani va Seversk va Artomovsk o‘rtasidagi Ukraina qurolli kuchlari aloqasini uzib qo‘yishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.
Artomovsk DXRning Kiyev nazoratidagi qismida, yirik Gorlovka shahridan shimolda joylashgan. Soledar Artomovskdan taxminan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan.
24 fevraldan beri Rossiya Ukrainada maxsus harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning maqsadini “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan. Qurolli kuchlar oldida Donbassni ozod qilish va Rossiya xavfsizligini kafolatlash vazifasi turibdi.