TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. Bir hafta ichida barcha tumanlardagi mahallalarda aholining tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji qondiriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda prezident huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda hokimlik rahbarlariga bildirilgan jiddiy tanqid va e’tirozlardan kelib chiqib, vazifalar belgilab olindi.
Prezident qayd etgan elektr energiyasi va gaz ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etishga asosiy e’tibor qaratildi.
“Bir hafta mobaynida barcha tumanlardagi mahallalarda aholining tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, sodir bo‘layotgan uzilishlarni qisqa vaqt ichida bartaraf etish vazifalari belgilab olindi”, - deyiladi xabarda.
Buning uchun mutasaddilarga ishga jiddiy kirishish, bor imkoniyatlardan oqilona foydalanish, qo‘shimcha kuchlarni jalb etish topshirig‘i berildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda energetika tizimidagi mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarda odamlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatadigan tizim yaratish topshirildi.
Unda ikki oy muddatda xorijdan malakali mutaxassislarni olib kelib, boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash vazifasi qo‘yildi. Energiya ta’minotida qayerda uzilish bo‘lgan bo‘lsa, uning sabablarini ko‘rsatib, oqibatlari qancha muddatda bartaraf etilishini odamlarga tushunarli tarzda yetkazish zarurligi qayd etildi.