Ayrim hududlarda ta’til muddati yana uzaytirildi - tafsilotlar

Toshkent shahri va viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo va Jizzax viloyatlaridagi maktablarda o‘quv mashg‘ulotlari 23-yanvar, dushanba kunidan boshlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. Toshkent shahri va viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ta’til muddati 22-yanvarga qadar uzaytirildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri va viloyatidagi ta’lim muassasalari - maktablar, litsey va kollejlar hamda oliy ta’lim dargohlarida o‘qish 23-yanvardan boshlanadi. Shahar hokimligi hamda boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan ta’lim obyektlaridagi harorat belgilangan meyorda bo‘lishi nazoratga olinadi.
Buxoro viloyati hokimligi ma’lum qilishicha, viloyatdagi barcha ta’lim muassasalarida ta’til 22-yanvarga qadar uzaytirildi. Aytilishicha, sovuq havoning davom etishi va ota-onalarning fikrlari inobatga olingan holda ta’tilni uzaytirishga qaror qilingan.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi barcha ta’lim muassasalari uchun ham ta’til 22-yanvarga qadar uzaytirildi. Qayd etilishicha, mazkur qarorga mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda kelingan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlaridagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ham qishki ta’til 22-yanvarga qadar uzaytirildi.
Navoiy viloyati maktablarida ham qishki ta’til 22-yanvarga qadar uzaytirildi.
Mazkur hududlarda o‘quv mashg‘ulotlari 23-yanvar, dushanba kunidan boshlanadi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi viloyatdagi barcha umumta’lim maktablarida darslar 18-yanvardan boshlanishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 5-yanvar kuni sovuq ob-havo munosabati bilan barcha ta’lim muassasalarida ta’til 17-yanvarga qadar uzaytirilgan edi. Hozirda viloyat hokimliklari ob-havo va ta’lim muassasalaridagi sharoitdan kelib chiqib, ta’til jadvalini mustaqil belgilamoqda.
Ayni damda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘quvchilarni ob-havo sharoitlari barqarorlashguniga qadar vaqtincha onlayn ta’lim tizimiga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda.