TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. Koronavirusning ilk o‘chog‘i bo‘lgan Xitoy uch yildan so‘ng yana murakkab epidemiologik vaziyat bilan to‘qnash keldi. 2022-yil 8-dekabrdan joriy yil 12-yanvargacha mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq qariyb 60 mingta o‘lim holati qayd etildi. Bu haqda Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi vakili Szao Yaxuy ma’lum qildi.
Avvalroq Xitoy hukumati mazkur xastalikdan o‘lim ko‘rsatkichlari statistikasiga faqat virusli pnevmoniyadan kelib chiqqan nafas yetishmovchiligi qurbonlarini kiritayotgan edi.
Yuqorida keltirilgan raqam esa bir paytning o‘zida yondosh kasalliklardan ham aziyat chekkan va SOVID-19 asoratlari tufayli vafot etgan bemorlarni ham qamrab oladi.
Qayd etilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash vaziri (JSST) Tedros Gebreyesus Xitoy sog‘liqni saqlash vaziri bilan muloqotda real epidemiologik holatni muhokama qilgan va ayni paytda shifoxonada davolanayotgan, jumladan, shoshilinch tibbiy yordam va intensiv terapiyaga muhtoj bemorlar soni to‘g‘risida ma’lumot olgan.
“Ayni paytda mazkur ko‘rsatkichlar JSST tomonidan tahlil qilinmoqda. Uning natijalari Xitoydagi epidemiologik vaziyat hamda koronavirus yangi to‘lqini ta’sirini yaxshiroq tushunish imkonini beradi”, - deyiladi tashkilot bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, hozirgi paytda dunyoda “omikron” shtammining yuquvchanlik darajasi yuqori bo‘lgan “kraken” nomli XBB.1.5 subvarianti keng tarqalyapti. Shu bois mutaxassislar aholiga xastalikka qarshi buster dozada emlanishni tavsiya qilmoqda.