TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini o‘rganishni buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Bugun davlat rahbari huzurida qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Prezident yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘yganini ta’kidladi. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.
Qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi. Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlariga hayfsan berildi. Shuningdek, "Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyati raisi Farhod Abdurahmonov, energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev lavozimidan ozod etildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari Ulug‘bek Mustafoyev, “O‘ztransgaz" rahbari Behzod Normatov va “O‘zbekneftgaz” rahbari Mehriddin Abdullayev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.
DXX va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini o‘rganadi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, agar qonun buzilishlar aniqlansa, qat’iy javobgarlikka tortiladi.