Surxondaryoda ikki hudud gaz ta’minoti bo‘limi rahbarlari ishdan bo‘shatildi

Faoliyatida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli Termiz shahar va Sherobod tumani gaz ta’minoti bo‘limi rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Sputnik
TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Surxondaryo viloyatining Termiz shahar va Sherobod tumani gaz ta’minoti bo‘limi rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida hududlarda bir qator muammolar aniqlanganini ta’kidlab, mas’ullarning muammolarni hal etishdagi faoliyati qoniqarsiz ekanini qayd etgan.
Jumladan, birinchi navbatda aholiga gaz yetkazib berish lozimligi belgilangan bo‘lsa-da, Termiz shahri va Sherobod tumanida umumiy ovqatlanish shoxobchalari, hammom va boshqa tarmoqdan uzilishi kerak bo‘lgan obyektlar tabiiy gazdan foydalanib kelgan.
Ta’kidlanishicha, hudud mas’ullari bu holatni nazoratsiz qoldirishgan, shuningdek, bu hududlarda gaz sohasi bilan bog‘liq qator muammolar mavjud. Ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan.
Qosimov faoliyatida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli Termiz shahar va Sherobod tumani gaz ta’minoti bo‘limi rahbarlarini egallab turgan lavozimidan ozod etish bo‘yicha topshiriq berdi.