“Quramax Medikal”ning litsenziyasi bekor qilindi - Oliy sud

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida "QURAMAX MEDIKAL”ga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani bekor qilish va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. “Quramax Medikal” ning litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda Oliy sud ma’lum qildi.
Bugun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud jarayonida "QURAMAX MEDIKAL” MChJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi bekor qilindi. Shuningdek, qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi.
Mazkur iqtisodiy ish bo‘yicha taraflar e’lon qilingan hal qiluv qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda shikoyat qilish mumkin. Agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmasa, hal qiluv qaror qabul qilinganidan keyin o‘n kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.
Shuningdek, mazkur iqtisodiy ishga doir vakolatli idora va mansabdor shaxslarning xatti-harakati yoki harakatsizligi yuzasidan qonun talablari buzilganligi bo‘yicha huquqiy baho berish haqida xususiy ajrim chiqarildi.
Ajrimni Toshkent shahar prokuraturasiga yuborilishi belgilandi. Ushbu ajrim ustidan belgilangan tartibda shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Davlat xavfsizlik xizmati “Dok-1 MAKS” va “Ambronol” dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaganini ma’lum qilgan edi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJ mas’ul xodimlari tomonidan meyoriy-huquqiy hujjat talablari qo‘pol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaganligi oqibatida sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 20 nafar bola vafot etgan.
O‘tgan yilning dekabr oyida Hindistonda Dori vositalari standartlarini nazorat qilish markaziy tashkiloti xodimlari, shuningdek, Uttar-Pradesh dori vositalari aylanmasini nazorat qiluvchi boshqarma mutaxassislari Noida shahrida joylashgan “Marion Biotech” zavodini tekshirishni yakunlashgan edi. “Dok1 Max” siropining tarkibi buzilganligi sababli kompaniyaning Noida shahridagi barcha ishlab chiqarish faoliyati to‘xtatilgan.