O‘zbekiston va Hindiston birgalikda harbiy o‘quv mashqlari o‘tkazadi

O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi Hindistonning Kumaon viloyatidagi Uttarakxand shtatining Pitxoragarx shahridagi tog‘li hududda joylashgan Xalqaro tayyorgarlik poligoniga tashrif buyurdi.
Sputnik
TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Shu yilning fevral-mart oylarida O‘zbekiston va Hindiston hamkorligida harbiy o‘quvlar o‘tkaziladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston harbiy delegatsiyasi Hindistonning Kumaon viloyatidagi Uttarakxand shtatining Pitxoragarx shahridagi tog‘li hududda joylashgan Xalqaro tayyorgarlik poligoniga tashrif buyurdi.
O‘zbek-hind hamkorligida taktik o‘quv mashg‘ulotlari
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq, o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Do‘stlik-2023” birgalikdagi o‘zbek-hind o‘quvini muvofiqlashtirishdan iborat.
Uchrashuvda O‘zbekiston harbiy kontingentini qabul qilish va joylashtirish hamda ta’minot masalalari kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, 2019-yildan buyon ikki mamlakat hududida o‘zbek-hind hamkorligida taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib kelinmoqda. Bunday o‘quvlarda milliy va global xavfsizlik sohasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xatar hamda tahdidlarga qarshi kurashishning eng ma’qul usul va uslublarini qo‘llash, harbiy xizmatchilarning jangovar salohiyati, professionalligi hamda mahoratini oshirish borasida o‘zaro tajriba almashilmoqda.