TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Jizzax viloyatida 1-sentabrgacha elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tegishli topshiriqni berdi.
Yig‘ilishda bir oy muddatda 2023-yilda sanoatni 14 foizga oshirish bo‘yicha sanoat va investitsiya dasturlarini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Avtomobilsozlik tarmog‘ida o‘sishni ta’minlash uchun 1-sentabrga qadar:
xususiy investorlarni jalb qilib, Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
Andijonda zamonaviy quyuv sexini, Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini to‘liq quvvatga chiqarish topshirildi.
Bundan tashqari, Samarqandda mineral o‘g‘it, Navoiyda quruq sianid tuzi va texnik gaz ishlab chiqarish loyihalarini tezlashtirish kerak.1 iyunga qadar Pistali konida 6-gidrometallurgiya zavodini ishga tushirish lozim. Avgust oyida "Yoshlik-1" mis koni negizida 3-misni boyitish fabrikasi loyihasini yakunlashni ta’minlash kerak.
Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan elektromobillar va gibrid avtomobillar 2030-yilgacha bojdan ozod etilgan. Shuningdek ularning xaridorlariga imtiyozli kreditlar beriladi.