“Qattiq sovuqda ko‘pincha qon tomirlarining keskin torayishi kuzatiladi. Ayniqsa, gipertoniya, bosh miya qon tomirlari aterosklerozi, insult va infarktdan keyingi holat, stenokardiya kabi kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga bunday noqulay ob-havo salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularni bosh va yurak sohasidagi og‘riqlar bezovta qiladi”, - deydi vazir o‘rinbosari.
“Qolaversa, anomal sovuq teri va buyrak kasalligi bor bemorlarning umumiy holati yomonlashuviga ham sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bunday sharoitda tana a’zolarining muzlab qolish ehtimoli yuqori. Shu bois sovuq qotishning oldini olish uchun ko‘chaga chiqqanda issiq va qalin kiyimlar kiyish lozim. Bunda, qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Ayniqsa, bosh va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi bo‘yindagi tomirlar inson bosh miyasini qon bilan ta’minlaydi”, - deydi Bositxonova.
“Qattiq sovuq havo inson terisini haddan ortiq quritib yuboradi. Shu bois ko‘chaga chiqishdan avval tarkibida suv bo‘lgan dori vositalarini teriga surtmagan ma’qul. Aksincha, yog‘li kremlarni qo‘llash tavsiya etiladi”, - dedi vazir o‘rinbosari.