TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida quvvati 1573 MVt bo‘lgan zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyasi quriladi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, prezidentning “Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida quvvati 1573 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
“Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 61,9 gektar maydonida zamonaviy “H” toifasidagi kombinatsiyalangan siklda ishlaydigan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi quriladi. Mazkur stansiya 2026-yilda ishga tushiriladi”, deyiladi xabarda.
Loyiha doirasida foydali ish koeffitsiyenti 60 foizdan yuqori bo‘lgan qurilmalarni o‘rnatish xisobiga yiliga 12 mlrd kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va buning natijasida yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Ahamiyatli jihati, obyekt qurilishi davomida 2 500 nafar, ishga tushirilgandan so‘ng esa 120 nafar doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.
Qayd etilishicha, mazkur yirik loyiha halqaro ochiq tender savdolarini o‘tkazish orqali Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil 20-noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida 220 MVt quvvatli yangi IES ishga tushirildi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar Shirin shahri va Boyovut tumanlari hududida 1500 MVt quvvatli zamonaviy IES ishga tushirilishi rejalashtirilgan.