JSST: Maymun chechagini yuqtirgan 75 kishi hayotdan ko‘z yumdi

Ta’kidlanishicha, kasallikning tarqalishi epidemiya boshlangan davrga nisbatan sezilarli darajada pasaygan. Biroq bu xotirjamlik uchun asos bo‘lolmaydi.
Sputnik
TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Shu kungacha Yer yuzida “mpox” (maymun chechagi) virusini yuqtirgan qariyb 84 ming nafar bemor ro‘yxatga olingan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ulardan 75 nafari xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Ammo real ko‘rsatkichlar bundan yuqori bo‘lishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, kasallikning tarqalishi epidemiya boshlangan davrga nisbatan sezilarli darajada pasaygan. Biroq bu xotirjamlik uchun asos bo‘lolmaydi. Chunki qator mamlakatlar, ayniqsa, Afrika mintaqasida mazkur virusga qarshi sinamalar ham, vaksinalar ham mavjud emas.
JSST mutaxassisi Rozamund Lyuisning ta’kidlashicha, ushbu holat uch yil o‘tib, “mpox”ning yanada yuquvchan mutatsiyalari paydo bo‘lishiga zamin yaratishi mumkin. Bu esa chinakam xavf.
“Shu bois, dunyo bo‘ylab yangi epidemiyalarni imkon qadar tezroq aniqlash va ularning oldini olish uchun ko‘proq test va vaksinalar ishlab chiqilishi kerak”, deb xulosa qiladi mutaxassis.
Maymun chechagi kamdan-kam uchraydigan virusli infeksiya bo‘lib, u odamlar orasida ham yuqishi mumkin. Bu odatda yengil kasallanish bo‘lib, ko‘pchilik bir necha hafta ichida tuzalib ketadi, ammo ba’zilarida asoratlar paydo bo‘lishi mumkin. Maymun chechagining dastlabki belgilariga isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, titroq va charchoq kiradi. Ko‘pincha yuzdan boshlanib, tananing qolgan qismlariga tarqaluvchi toshma paydo bo‘lishi mumkin.