Yanvar oyi uchun penciya va nafaqa to‘lovlari to‘liq moliyalashtirildi

Pensiya va nafaqa oluvchilar uchun talab etilgan mablag‘lar 5-yanvar kuniga qadar tijorat banklariga to‘liq moliyalashtirilib berildi.
Sputnik
TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Fuqarolarning 2023-yil yanvar oyi penciya va nafaqa to‘lovlari to‘liq moliyalashtirildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi xabar berdi.
Aytilishicha, yanvar oyi to‘lov ro‘yxatlariga kiritilgan 4,4 mln nafar pensiya va nafaqa oluvchilar uchun talab etilgan mablag‘lar 5-yanvar kuniga qadar tijorat banklariga to‘liq moliyalashtirilib berildi.
O‘z navbatida 2,6 mln nafar pensiya va nafaqa oluvchilarga talab etilgan mablag‘larning 61 foizi fuqarolarga to‘lab berilishi ta’minlandi.

“2,4 mln nafar fuqarolarga pensiya va nafaqa pullari ularning bank plastik kartalariga to‘liq yuklab berildi. Naqd shaklda pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarning 183 ming nafariga yoki joriy oyda to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘larning 10 foizi Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan fuqarolarga yetkazib berildi”, deyiladi xabarda.

Amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq pensiya va nafaqa pullarini naqd shaklda oluvchilarga joriy oy to‘lovlari tasdiqlangan grafiklarga asosan Xalq bankining sayyor kassalari tomonidan yetkazib beriladi.