TOShKENT, 4 yanv — Sputnik. Kecha, 3-yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Rossiyaning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginovni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Iqtisodiy diplomatiyani jadallashtirish, jumladan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki va ko‘p tomonlama shaklda bo‘lib o‘tadigan tadbirlar jadvali va ularning kun tartibi muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Rossiyaning xalqaro va mintaqaviy institutlar doirasidagi muloqotni davom ettirishga tayyorligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Baxtiyor Saidov Turkiya va Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchilari Olgan Bekar va Guseyn Guliyev bilan ham uchrashdi.
Ministr inostrannix del Uzbekistana vstretilsya s poslami
Turkiya elchisi bilan uchrashuvda bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari, jumladan, tashqi ishlar vazirlari darajasidagi Strategik rejalashtirish guruhi hamda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlislariga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqidi.
Elchi Guliyev bilan uchrashuvda esa O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasiga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Ministr inostrannix del Uzbekistana vstretilsya s poslami
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish, avtomobilsozlik, neft-kimyo, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.