TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Energetika vazirligi binosida elektromobillarni tezkor zaradlash stansiyasi o‘rnatildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Vazirlik huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan quvvati 120 kVt bo‘lgan elektromobillarni tezkor zaradlash stansiyasi o‘rnatildi.
Ushbu zaradlash qurilmasida bir vaqtning o‘zida 2 ta elektromobilni 50-80% zaradlash uchun 25-30 daqiqa sarflanadi. Bu esa, oddiy zaradlash stansiyalardan 20 barobar tezkordir.
Elektromobillarni tezkor zaradlash stansiyasi
© Energetika vazirligi
Stansiya vazirlik binosining tom qismida ishga tushirilgan quyosh fotoyelektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda elektromobillarni quvvatlaydi.
Hozirda tika Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida quyosh energiyasidan foydalangan holda elektromobillarni yuqori tezlikda zaradlovchi qurilmalarni yaratish va rivojlantirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektromobillarni quyosh energiyasidan yuqori tezlikda quvvatlovchi qurilma yaratilgan edi. U energiya saqlash tizimiga ega bo‘lgan quyosh fotoyelektr tizimi orqali mahalliy elektr tarmog‘i bilan parallel holda ishlaydigan elektromobillarni tez quvvatlay oladi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, O‘zbekiston yanvar-noyabr oylarida xorijdan qiymati 61,3 million dollarga teng bo‘lgan 1912 dona elektromobil import qilgan. Elektromobillar importi 2021-yilning mos davri bilan solishtirilganda 1223 taga oshgan.