TOShKENT, 30 dek — Sputnik. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti va Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalari va dizayn universiteti o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
“Mazkur hamkorlik Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalari va dizayn universitetida tashkil etilgan “Ta’lim klasteri” asosida charm-poyabzal va mo‘ynachilikda ilm-fan va ishlab chiqarish strukturalarini birlashtiradi. 1,5 mln dollarlik zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mazkur klasterda endilikda o‘zbekistonlik talabalar soha bo‘yicha tahsil olib, amaliyot o‘tashadi”, - dedi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti Xalqaro hamkorlik bo‘limi xodimi Surayyoxon Mamadjanova.
Hamkorlik loyihasi dasturida talabalarga charm-poyabzal mahsulotlari dastlabki namunalarining 3D maketini yaratish, xomashyo tayyorlash, konstruksiyalash, kompyuter grafikasida zamonaviy dizayn yaratish, biomexanik harakatlanish va fason yaratish kabi muhim bosqichlar o‘rgatiladi.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatlari Rossiya universitetida bo‘lib, mazkur ta’lim mussasasining o‘quv jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Rektor Aleksey Demidov mazkur hamkorlikni to‘la qo‘llab-quvvatladi. Endilikda uyushma tomonidan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabalari uchun ta’lim grantlari ajratiladi va ular Rossiyada tahsil olishlari uchun imkoniyatlar yaratiladi”, - dedi u.
Podpisan memorandum o trexstoronnem sotrudnichestve mejdu "Uzcharmsanoat", Tashkentskim institutom tekstilnoy i legkoy promishlennosti i Sankt-Peterburgskim gosudarstvennim universitetom promishlennix texnologiy i dizayna.
© "Uzcharmsanoat"
“Ta’lim klasteri” rahbari Sergey Sherbakov charm-poyabzal texnologiyasini rivojlantirishdagi kreativ loyihalar va kutilayotgan natijalar miqdoriga qarab, Rossiyaning ishlab chiqarish korxonalariga mutaxassislarni biriktirilishini ma’lum qildi.
Loyihaga ko‘ra, talabalar o‘z nazariy bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rishadi. Bu borada qo‘shma o‘quv dasturlari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, kompyuter grafikasi, avtomatlashtirilgan murakkab dasturlar bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqilgan.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan har yili o‘tkazib kelinadigan “UzCharmStyle” yosh dizaynerlar ko‘rgazmasida endilikda rossiyalik mutaxassislar va talabalar ham ishtirok etishadi.