TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Rossiya Federatsiyasi va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik sharoitida yetuklik va barqarorlikni namoyish etmoqda, mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar XXI asrda yirik davlatlar hamkorligining namunasidir. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan muzokaralarda ta’kidladi.
“O‘sib borayotgan geosiyosiy keskinlik sharoitida Rossiya-Xitoy strategik hamkorligining barqarorlashtiruvchi omil sifatidagi ahamiyati ortib bormoqda. Bizning munosabatlarimiz barcha sinovlarga munosib qarshilik ko‘rsatmoqda, yetuklik va barqarorlikni namoyish etmoqda, jadal rivojlanishda davom etmoqda. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu rishtalar butun tarixdagi eng yaxshi aloqalar bo‘lib, XXI asrda yirik davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik namunasidir”, dedi Putin.
Shuningdek, u Si Szinpinni Xitoy Kommunistik partiyasi 20-syezdi muvaffaqiyatli o‘tgani va shaxsan Si Szinpinni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani bilan tabrikladi.
“Sizning rahbarligingiz va Xitoy Kommunistik partiyasining yetakchi roli bilan mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ta’minlanmoqda, uning jahon miqyosidagi mavqeyi mustahkamlanmoqda”, dedi Putin.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Rossiyadagi elchisi Chjan Xanxuey Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro yordam va qo‘llab-quvvatlash 2022-yilda kuchayganini aytgan edi.