"Dok-1 Maks" fojiasi: qo‘shimcha moddalardan biri o‘zgargan

Ishlab chiqaruvchi dori tarkibidagi qo‘shimcha moddalardan birini o‘zgartirgan, lekin bu haqida tegishli tartibda O‘zbekiston nazorat organlariga xabar bermagan.
Sputnik
TOShKENT, 30 dek — Sputnik. “Dok-1 Maks” dorivositasi 2012-yildan beri O‘zbekistonda qo‘llanib kelingan, lekin so‘nggi seriyasida uning tarkibidagi qo‘shimcha moddalardan biri o‘zgargan. Bu haqida AOKAda o‘tkazilgan brifingda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova ma’lum qildi.
“Dok-1 Maks” dori vositasi 2012-yildan beri O‘zbekiston tibbiyot amaliyotida qo‘llanilib, jiddiy nojo‘ya ta’sirlar berganligi haqida agentlik huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi”ga murojaat kelib tushmagan. Ya’ni, shu paytgacha ta’sir etuvchi moddalar va qo‘shimcha moddalarning organizmga salbiy ta’siri aniqlanmagan”.
“Lekin, ming afsuski, dori vositasi tegishli seriyalarining organizmga salbiy ta’siri kuzatilgan. Bu haqida signal kelib tushganidan keyin, dori vositasining barcha seriyalari laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Bunda nafaqat ta’sir etuvchi moddalar, balki uning tarkibidagi qo‘shimcha moddalar ham o‘rganildi. Va natijada dori vositasi tarkibidagi qo‘shimcha moddalardan birining o‘zgarganligi aniqlandi”, dedi Begmatova.
Mutaxassis qayd etishicha, qo‘shimcha moddalar dori vositasining dori shaklini shakllantiradigan moddalar hisoblanib, ular indiffirent moddalardan tashkil topgan bo‘ladi. Ya’ni, organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan moddalar hisoblanadi.
Xalqaro normalar va O‘zbekiston qonunchiligiga binoan ishlab chiqaruvchi davlat markaziga dori vositasi tarkibidagi har qanday, hattoki kichik o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar haqida ma’lumot berishi zarur. Bunda kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimcha odam organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan hollarda ushbu qo‘shimcha va o‘zgartirish rad etiladi.
“Ming afsuski, ishlab chiqaruvchi tomonidan davlat markaziga bunday ma’lumot taqdim etilmagan va natijada ushbu holat kuzatilgan”, dedi agentlik axborot xizmati rahbari.
Mutaxassis aytishiga ko‘ra, har qanday dori vositasi O‘zbekistonbozoriga kirib kelishidan oldindavlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Buning uchun ushbu dori vositasi namunalari laboratoriya sinovlari, zarur hollarda esa klinik sinovlardan va 5 moduldan iborat ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari tegishli va xolis ekspertlar tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi. Zarur hollarda ishlab chiqarish sharoitlari ham inspektorlar tomonidan o‘rganiladi. Va sanab o‘tilgan ekspertizaning ijobiy natijalariga binoan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va muddati 5-yil bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi beriladi. Shundan so‘ng, ham dori vositasining har bir seriyasi bozorga kirishidan oldin laboratoriya sinovlaridan o‘tkaziladi.
Anjumanda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda“Dok-1 Maks”dori vositasiningsavdosi 2022-yil22 dekabrdan vaqtincha to‘xtatilganbo‘lib, "QURAMAX MEDIKAL" MChJga realizatsiya qilingan dorixonalardagi qoldiq dori vositalarini qaytarib olish hamda dorixonalarga mazkur dori vositasini yetkazib beruvchi distribyutorga zudlik bilan qaytarish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berildi. Hamda ushbu dori vositalari respublikadagi barcha dorixonalardan tezkorlik bilan yig‘ib olindi.
“Shuningdek, bugundan Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va yurtimizda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi vaqtinchalik to‘xtatildi”, dedi Begmatova.
O‘zbekiston rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “Dok-1 MAKS” siropini iste’mol qilish oqibatida 19 bola vafot etgan.
SSV ishchi guruhi olib borgan dastlabki laborator o‘rganishlar “Dok-1 Maks” siropining tarkibida etilenglikol mavjudligini ko‘rsatgan. Bu modda zaharli bo‘lib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Dori savdosi esa to‘xtatilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev Samarqandda “Dok-1 Maks”ni qabul qilgach vafot etgan bolalarning ota-onasiga hamdardlik bildirib, ishga aloqador barcha shaxslar javobgarlikka tortilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u mazkur ma’lumot viloyat tibbiyot xodimlari tomonidan vazirlikdan yashirilganini aytdi.
Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi "Dok-1 Maks" bilan bog‘liq holat bo‘yicha “Quramax medical” va “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish ochgan.