TOShKENT, 29 dek — Sputnik. O‘zbekistonning 2023-yilga mo‘ljallangan budjeti qayta ko‘rib chiqiladi. Bu haqda AOKAda o‘tgan anjumanda moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev aytib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, 27-dekabr kuni Oliy Majlis Senatining 36-yalpi majlisida 2023-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun tasdiqlandi. Ammo bundan bir necha kun oldin 2023-yil 1-yanvardan vazirliklar sonini qisqartirishni ko‘zda tutuvchi ma’muriy islohot e’lon qilingandi.
Natijada ko‘pchilikda budjet to‘g‘risida qonun qayta ko‘rib chiqiladimi, degan savol paydo bo‘ldi. Jamshid Abruyev shu savolga javob berdi.
“3 kundan keyin yanvar oyi boshlanadi. Odamlarga oylik berish kerak, dori, oziq-ovqat va umuman har xil xarajatlari bor. Bu ishlar Senatgacha ma’qullangan qonun asosida amalga oshirilaveradi. Lekin vazirliklar tarkibi, nomi o‘zgarishi Budjet kodeksida ham ko‘zda tutilgan. Bu bo‘yicha qonunga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritiladi. Qonun qabul qilinganidan keyin har bir vazirlikning tuzilmalari qabul qilinadi. Vazirlikda necha kishi bo‘ladi, ularga qanday vazifalar yuklatiladi – shundan kelib chiqqan holda ularning budjeti qayta hisoblanadi”, - deydi Abruyev.
Mutasaddining qo‘shimcha qilishicha, qonun bilan tasdiqlangan budjet va optimallashgani aniq bo‘lgach, ortgan mablag‘ ijtimoiy himoyaga yo‘naltiriladi.
Jamshid Abruyevga ko‘ra, bu bo‘yicha tayyorlangan hujjatlar Oliy Majlisga kiritiladi, o‘rnatilgan tartibda unga o‘zgartirish kiritilgach, mablag‘lar belgilangan tartibda taqsimlanadi.