Qurilayotgan AES qariyb 3 mlrd. metr kub gazni tejaydi - Malginov

O‘zbekistonda Rossiya loyihalashtirgan AESni qurish va undan foydalanish jarayonida 8 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 29 dek — Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning “bayroqdor” yo‘nalishi atom energetikasi sohasidagi o‘zaro hamkorlik va respublikada Rossiya loyihalashtirgan atom elektr stansiyalarini qurish bo‘lishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari, elchi Oleg Malginov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, “O‘zbekistonda o‘tgan yili kuzatilgan energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolar Rossiya va O‘zbekiston rahbarlarining 2018-yilda Toshkentda qabul qilingan qarori naqadar to‘g‘ri ekanligini” yana bir bor ko‘rsatdi.
“Bugungi kunda “Rosatom” davlat korporatsiyasi va “O‘zatom” agentligi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha bosh shartnoma loyihasi ustida ishlamoqda – bu katta va ko‘p qirrali ish. Qayd etamanki, qurilayotgan atom elektr stansiyasi qariyb 3 milliard kub metr gazni tejaydi”, - dedi elchi.
Shuningdek, stansiya qurilishi va foydalanish davrida respublikada 8 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Diplomatning ta’kidlashicha, mahalliylashtirish mahalliy kompaniyalarga sezilarli daromad va respublika budjetiga soliq tushumlarini keltiradi.
Bundan tashqari, Malginov Rossiyaning “LUKOYL”, “Gazprom”, “Tatneft”, “Zarubejneft”, “Silovie mashini” OAJ, “RusGidro” OAJ kabi kompaniyalari O‘zbekistonda ko‘p yillardan buyon muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini va bu sohaga kiritilgan Rossiya investitsiyalarining umumiy hajmi 12 milliard dollarni tashkil etishini qo‘shimcha qildi.