TOShKENT, 27 dek — Sputnik. Rossiya hech qachon birovning shartlariga ergashmagan. Bu haqda Rossiya prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Faqat o‘zinikiga e’tibor qaratgan. Va sog‘lom fikrga”, - dedi Peskov Moskva Kiyevdan ma’lum shartlar ostida muzokaraga tayyormi, degan savolga javob berar ekan.
Kecha Ukraina rasmiylari fevral oyi oxirigacha BMT maydonida tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida “tinchlik sammiti” o‘tkazishni taklif qildi. Shu bilan birga, Kiyev Rossiyani muzokaralarga faqat “kerakli xalqaro suddan” keyin taklif qilish kerakligini aytdi.
Noyabr oyi boshida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb OAVlari Kiyevni Moskva bilan muloqotga undayotgani haqidagi xabarlaridan so‘ng, muzokaralarni boshlash uchun respublika shartlarini aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “hududiy yaxlitlikni tiklash, BMT Nizomini hurmat qilish, barcha yo‘qotishlar uchun tovon to‘lash, har bir harbiy jinoyatchini jazolash va bunday holat boshqa takrorlanmasligiga kafolatdir”.
Shu bilan birga, Zelenskiy avvalroq Rossiyaning amaldagi rahbariyati bilan muzokara olib borishning mumkin emasligi haqidagi farmonni imzolagan edi.
Rossiya muzokaralarga tayyorligi haqida bir necha bor aytgan. Prezident Vladimir Putin barcha mojarolar diplomatik yo‘llar bilan tugashini ta’kidlagan. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya har doim Ukraina bo‘yicha muzokaralar uchun ochiq.
Peskov dekabr oyi boshida aytganidek, Zelenskiy agar xohlasa, mamlakatdagi jangovar harakatlar ertasi kuni yakunlanishi mumkinligini biladi.