TOShKENT, 24 dek — Sputnik. 2023-yil 1-yanvardan 12 ta davlat boshqaruvi organlari vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkazilgan holda tugatiladi. Bu haqda prezidentning “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Farmonga muvofiq tugatiladigan idoralar:
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi – Qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq vazifa va funksiyalari Qishloq xo‘jaligi vazirligiga, sanoatni rivojlantirish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalari esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga o‘tkazilmoqda;
Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi – vazifa va funksiyalari tegishincha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi orasida taqsimlanmoqda;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi – vazifa va funksiyalari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga o‘tkazilmoqda;
Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi – vazifa va funksiyalari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazilmoqda;
Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi – vazifa va funksiyalari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazilmoqda;
Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligi – vazifa va funksiyalari Suv xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazilmoqda;
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi – vazifa va funksiyalari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘tkazilmoqda;
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi – vazifa va funksiyalari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘tkazilmoqda;
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi “O‘zbekchorvanasl” agentligi – vazifa va funksiyalari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga o‘tkazilmoqda;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi – vazifa va funksiyalari tegishincha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi orasida taqsimlanmoqda;
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi – vazifa va funksiyalari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga o‘tkazilmoqda;
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi – vazifa va funksiyalari Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, farmon bilan 1-yanvardan vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirilmoqda. Shuningdek, bosh vazirning 8 nafar o‘rinbosari 4 nafari qoldirilyapti.