TOShKENT, 24 dek — Sputnik. O‘zbekiston Bosh vazirining amaldagi 8 nafari o‘rinbosari o‘rniga 4 nafari qoldirilmoqda. Bu haqda prezidentning “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi bo‘limlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘limi tugatildi.
Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida:
Bosh vazirning 4 nafargacha o‘rinbosarlari lavozimi;
Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil etildi.
Vazirlar Mahkamasi apparatining tuzilmalarini maqbullashtirish munosabati bilan bo‘shayotgan mablag‘lar Bosh vazir kotibiyati o‘rnak ko‘rsatgan boshqaruv xodimlarining natijadorligi asosida qo‘shimcha rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur farmonga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tizimidagi vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirilmoqda.