TOShKENT, 23 dek — Sputnik. 21-dekabr kuni Mo‘ynoq tumanida “Karakalpakstan Tourism Forum” bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Turizm va madaniy meros vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
Ilk bor tashkil etilayotgan ushbu forumda Qoraqalpog‘iston shahar va tumanlarining turistik imkoniyatlari, hududlarda turizm sohasini rivojlantirish imkoniyatlari, yangi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish bo‘yicha “Karakalpakstan Travel Hub” dasturining taqdimoti va turizm sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlarining ko‘rgazmalari o‘tkazildi.
2022 yilda Qoraqalpog‘istonda jami 133 milliard so‘mlik 72 ta turizm loyihasi amalga oshirilib, ularda 950 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
2022 yilning yanvar-noyabr oylarida viloyatda 6 ta oilaviy mehmon uyi va 4 ta yotoqxona foydalanishga topshirilib, ularning umumiy soni 61 taga yetdi.
Global pandemiyaga qaramay, 2021-yilda Qoraqalpog‘istonga 284 ming mahalliy va 25 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2022-yilda Qoraqalpog‘istonga 600 ming mahalliy va 50 mingdan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.