Vengriya bosh vaziri Yevropa parlamentini tarqatib yuborishni taklif qildi

Viktor Orban Yevropa parlamentini yuzaga kelgan korrupsiya mojarosi sabab tarqatib yuborish va yangisini shakllantirish kerak deb hisoblaydi.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa parlamentini (YeP) yuzaga kelgan korrupsiya mojarosi sabab tarqatib yuborishni taklif qildi.
Vengriya hukumati rahbari shu tariqa Yevropa Ittifoqining bu qonun chiqaruvchi organiga bo‘lgan ishonchni qayta tiklash mumkin bo‘ladi deb hisoblaydi.
“Yevroparlamentdagi hozirgi janjal namunalidir. YePning korrupsiyaga qarshi kafolatlari mutlaqo samarasiz ekan. Agar jamoatchilik ishonchini qayta tiklamoqchi bo‘lsak, Yevropa parlamentini tarqatish fursati kelgan”, - deya yozdi Orban Twitter᾽da.
U shundan keyin milliy deputatlardan iborat yangi Yevropa parlamentini shakllantirish zarur deb hisoblaydi.
9 dekabr kuni YeP raisi o‘rinbosari Yeva Kayli Belgiyada Qatardagi futbol bo‘yicha jahon chempionati bilan bog‘liq korrupsiya ishi yuzasidan qo‘lga olindi. U hozir hibsda saqlanmoqda.