Uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishini ko‘chirish uchun arizalar qabuli boshlandi

Arizalar 2022-yilning 20-dekabridan 2023-yilning 20-yanvar kuniga qadar (o‘sha kuni ham) qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 20 dek — Sputnik. Uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishni ko‘chirish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish bo‘yicha hududiy Ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududiy ishchi guruhlar 2022-yilning 20-dekabridan 2023-yilning 20-yanvar kuniga qadar (o‘sha kuni ham) faoliyat ko‘rsatadi.
Yuqoridagi qarorga asosan fuqarolar quyidagi uzrli sabablarga ko‘ra hududiy ishchi guruhlariga ariza topshirishlari mumkin:
talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun;
davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun (tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida).
Hududiy ishchi guruhlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza (ariza blankasi hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi va talaba tomonidan joyida to‘ldiriladi);
talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);
pasport nusxasi;
yuqorida qayd etilgan uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.
O‘qishni qayta tiklash bo‘yicha (ko‘chirib tiklash bundan mustasno) arizalar talabaning chetlatilganligiga necha yil bo‘lganligidan qat’i nazar bevosita o‘zi tahsil olgan OTMga taqdim etiladi.