TOShKENT, 19 dek — Sputnik. Qoratog‘ oltin konini geologik jihatdan o‘rganish va ishlov berish bo‘yicha o‘tkazilgan auksionda obyektning boshlang‘ich bahosi 168 barobarga oshdi. Auksionda "Asia Oil Industry" MChJ g‘olib deb topildi.
Konkurs boshida boshlang‘ich baho 390 million so‘mni tashkil qildi. Kimoshdi savdosi g‘olibi esa 65 milliard 520 million so‘mni taklif qildi. Shunday qilib, 42 soatlik savdolar natijasida narx 168 barobar oshdi.
Yer qa’ri uchastkasidan foydalanishdan maqsad uni geologik jihatdan o‘rganish va ishlov berishdir. Kon Toshkent viloyatining Pskent tumanida, Olmaliq shahridan 8,4 km uzoqlikda joylashgan.