“Zumrasha” hajviy kinojurnali namoyishi bo‘lib o‘tdi

Xayrulla Sa’diyev badiiy rahbarligida yaratilgan ushbu kinojurnal bolalar hayotiga oid qiziqarli voqealar, sarguzashtlar bilan boyitilgan.
Sputnik
TOShKENT, 17 dek — Sputnik. Toshkentdagi “Kinochilar uyi”da O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi hamda bolalar uchun “Zumrasha” filmlari premyerasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
“Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan “Zumrasha” hajviy kinojurnali tasvirga olindi. Xayrulla Sa’diyev badiiy rahbarligida yaratilgan ushbu kinojurnal bolalar hayotiga oid qiziqarli voqealar, sarguzashtlar bilan boyitilgan.
“Bundan bir necha yillar avval ijodkorlarga Rossiyaning “Eralash” hajviy bolalar komediyalari ko‘rsatildi. Ana shundan ta’sirlanib, “O‘zbekfilm”da “Zumrasha” hajviy kinojurnaliga asos solindi. Hozirga kelib Kinematografiya agentligi “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan bolalar uchun komik ruhdagi filmlar suratga olinadi”, deydi O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev.
Katta ekranda shuningdek, “Erkin mavzu”, “Futbolchilar”, “Ustoz”, “Hamon” kabi filmlar namoyish etildi.
Ma’lumot uchun, Xayrulla Sa’diyev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, O‘zbekiston satira teatri badiiy rahbari hisoblanadi.
Ijodi davomida “Shaytanat”, “To‘ylar muborak”, “Chashma”, “Uchar otlar”, “O‘tov”, “Qo‘rg‘oshin”, “Novda”, “Oyqiz ertagi” kabi filmlarda va ko‘plab spektakllarda rollar ijro etgan.