"Uzauto Motors" 4 ta modeldagi avtomobillarga shartnomalar qabul qilish vaqtincha to‘xtatdi

"Chevrolet Lacetti", "Cobalt", "Damas" va "Labo" avtomobillariga shartnomalar qabul qilish vaqtincha to‘xtatildi - "UzautoMotors".
Sputnik
"Chevrolet Lacetti", "Cobalt", "Damas" va "Labo" avtomobillariga shartnomalar qabul qilish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda "UzautoMotors" kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.
Kompaniya bayonotida aytilishicha, joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi va avtomobillarning mavjudligi sabab mamlakatda Chevrolet avtomobillariga talabning g‘ayritabiiy o‘sishi kuzatildi.
“Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimiz fuqarolari yengil avtomobillarni yuqori likvidli investitsiya vositasi deb bilishadi. Agar o‘tgan yili Chevrolet avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha o‘rtacha oylik shartnomalar soni 21 000 dona bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning noyabr oyida 76 000 donadan ortiq shartnoma tuzilgan.
Biroq, Davlat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda sotib olingan 90 000 dan ortiq avtomobil (yillik ishlab chiqarish hajmining deyarli uchdan bir qismi) xaridorlar tomonidan qayta sotilgan. Iqtisodiy tadqiqotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan tahlillar ham "Olib sotarlar" sonining ko‘payganini tasdiqlaydi” - deyilgan bayonotda.
O‘zbekistonda avtomobillarga bo‘lgan talabning anomal o‘sishi va global muammolar kuchayganini hisobga olib, kompaniya bunday sharoitda boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar tomonidan qo‘llanilgan yo‘ldan borishni to‘g‘ri deb hisoblamoqda.
“Bu o‘z navbatida barcha sa’y-harakatni avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobil ishlab chiqarishga yo‘naltiradi”, - deyilgan bayonotda.