Zominda hayvonlar va qushlar uchun sun’iy ozuqa maydonchalari yaratildi

Qo‘riqxonalarda yashovchi hayvonlarni qish mavsumidan betalofat olib chiqish uchun qo‘riqxonalarda biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Zomin davlat qo‘riqxonasida hayvonlar va qushlar uchun sun’iy ozuqa maydonchalari yaratildi. Bu haqda Jizzax viloyati hokimligi xabar berdi.
Qo‘riqxonalar tog‘li hududlarda joylashgani va qish faslida harorat boshqa joylarga nisbatan sovuqroq bo‘lganligi tufayli bu yerda yashovchi hayvonlar uchun yeguliklar topish biroz qiyinlashadi.
Ularni qish mavsumidan betalofat olib chiqish uchun qo‘riqxonalarda biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Qayd etilishicha, avtomashina chiqolmaydigan tepaliklar va tog‘ cho‘qqilariga ozuqa mahsulotlari otlar yordamida tashib chiqilib, hayvonlarning yurish ehtimoli bor joylarga qo‘yib chiqildi.
Ma’lumot uchun, qo‘riqxona Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlarida joylashgan. Uning umumiy yer maydoni 26 840 gektarni tashkil etadi. Qo‘riqxonaning 3 dan 2 qismi o‘rmon bilan qoplangan.
Ushbu hududlarda Qizil kitobga kiritilgan qo‘ng‘ir tog‘ ayig‘i, shuningdek, bo‘ri, tulki, jayra kabi yirtqichlar, tog‘ echkisi, to‘ng‘iz kabi o‘txo‘rlar, kaklik, bedana, bulbul kabi sayroqi qushlarni uchratish mumkin.