ATOShKENT, 15 dek — Sputnik. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida qish mavsumi boshlanishi bilan AI-80 markali benzin ishlab chiqarish hajmi 50 foizdan ko‘proqqa oshirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
14 dekabr holatiga ko‘ra korxonada kuniga 1250 tonna mahsulot ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich shu yilning yanvar-noyabr oylaridagi 800 tonnani tashkil etgan.
Qayd etilishicha, zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini maqsadli yangilash hamda Saneg neft-gaz kompaniyasi (2022 yil iyun oyidan beri FNQIZga egalik qiladi) tomonidan jalb qilingan investitsiyalar tufayli qayta ishlash hajmini oshirishga erishilgan.
“Umuman olganda, Saneg FNQIZni modernizatsiya qilish uchun 400 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirib, yil davomida xomashoni qayta ishlash tezligini ikki baravarga, 1 million tonnadan 2 million tonnagacha oshirish niyatida”, - deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan tashqari, AI-92 benzin ishlab chiqarish hajmi ham oshirilgan. Hozirda har kuni kamida 500 tonna shu markali mahsulot savdolarga qo‘yilmoqda.
Korxona direktori Habib Latipovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda korxonaning barcha resurslari aholini hamonbop yoqilg‘i, xususan, benzin bilan ta’minlashga qaratilgan.
“Yaqinda aksiz solig‘ining bekor qilinishi bozorga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi va talab ham sezilarli darajada oshdi. Biroq biz ishlab chiqarish dasturini undan oldin, noyabr oyida korxonaning ish hajmini moslashtirib, kuz-qish mavsumining maksimal davri yaqinligini anglagan holda o‘zgartirgan edik”, - deydi korxona direktori Habib Latipov.
Avvalroq FNQIZ AI-80 markali benzin va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini oshirgani xabar qilingandi.