Putin: G‘arb ukrain xalqidan "to‘p yemi" sifatida foydalanyapti – video

Putinning aytishicha, G‘arb taraqqiyotning muqobil modellarini cheklash uchun noqonuniy sanksiyalar qo‘llayapti.
Sputnik
TOShKENT, 9 dek — Sputnik. G‘arb har qanday yo‘l bilan o‘z hukmronligini saqlab qolishga harakat qilmoqda, Ukraina xalqi bu intilishlar qurboniga aylandi, dedi Vladimir Putin Shanxay hamkorlik tashkiloti va MDHga a’zo davlatlar mudofaa idoralari rahbarlarining yig‘ilishi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

“Bunday harakatlar og‘ir oqibatlarini bugun Ukrainada ko‘rib turibmiz. Bir necha yillar davomida G‘arb uyalmasdan uning resurslarini so‘rib oldi va o‘zlashtirdi, Donbassda genotsid va terrorni qo‘llab-quvvatladi, aslida bu mamlakatni mustamlakaga aylantirdi va endi ukrain xalqini Rossiyaga qarshi “to‘p yemi” sifatida ishlatmoqda. Ukrainani qurol va o‘q-dorilar bilan ta’minlashni davom ettirish, yollanma askarlarni yuborish uni o‘z joniga qasd qilish yo‘liga undayapti”, - deydi Vladimir Putin.

Qo‘shma Shtatlar NATOning tajovuzkor kengayishiga sarmoya kiritdi va amalda o‘nlab yillar davomida yaratilgan strategik barqarorlik arxitekturasini yo‘q qildi.
Taraqqiyotning muqobil modellarini cheklash uchun G‘arb noqonuniy sanksiyalar qo‘llayapti, “rangli inqiloblar” texnologiyalaridan foydalanyapti va harbiy mojarolarni qo‘zg‘atapti, deydi Rossiya rahbari.
Putin ShHT va MDH doirasida doimiy axborot almashish va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Shuningdek, u tinchlikparvar qo‘shma missiyalarning muhimligini ta’kidladi.
Moskva harbiy kadrlar tayyorlash sohasidagi uzoq yillik hamkorlik an’analarini qadrlaydi va bu sohani yanada rivojlantirish niyatida, deydi Rossiya rahbari.
U uchrashuv ishtirokchilari ishi samarali bo‘lishini tilab, mudofaa sohasidagi hamkorlik Yevroosiyoda va butun dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashiga ishonch bildirdi.