TOShKENT, 9 dek — Sputnik. O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2022-yil 9-dekabr holatiga 36 milliondan oshdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, aholining 18,1 mln nafarini erkaklar, 17,9 mln nafarini ayollar tashkil etadi.
FHDYo organlarida 2022-yilning noyabr oyida respublika bo‘yicha 83 197 ta tirik tug‘ilish holatlari qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 5 377 taga oshgan.
"Hozirda O‘zbekiston aholi soni bo‘yicha mamlakatlar o‘rtasida 41 o‘rinni band qilib turibdi", - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston aholi 2021-yilning 7-sentabr kuni 35 million nafardan oshgandi. Aholining yana bir millionga ko‘payishiga 1 yil-u 3 oy va 2 kun yetarli bo‘ldi.