TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari va uning NATOdagi ittifoqchilari har qanday holatda ham Rossiyani kuchsizlantirish yoki yo‘q qilish, shuningdek, butun Yevroosiyoda xavfsizlik arxitekturasini buzishni istaydi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ta’kidladi.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari va uning NATOdagi ittifoqchilarining uzoq muddatli maqsadi har qanday holatda ham mamlakatimizni zaiflashtirish yoki yo‘q qilish, shuningdek, butun Yevroosiyoda xavfsizlik arxitekturasini buzishdir”, dedi Patrushev Tailand Milliy xavfsizlik kengashi bosh kotibi Supot Malaniyom bilan muzokaralar chog‘ida.
Suhbatdoshlar, xususan, Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik masalalari yuzasidan fikr almashdi.
“Mintaqadagi harbiy infratuzilmaning agressiv kengayishi keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishini ta’kidlamoqchiman”, dedi Patrushev.
Xavfsizlik masalalari bo‘yicha Rossiya-Tailand idoralararo ishchi guruhining payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ham shu haqda so‘z bordi.
Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Aleksandr Venediktov uchrashuvda g‘arbliklar tomonidan qo‘zg‘atilgan inqirozli jarayonlar fonida dunyoda radikal mafkuralarning, jumladan, tajovuzkor millatchilik va neonatsizmning tarqalishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan terrorchilik va ekstremistik tahdidlar kuchayishda davom etayotganini ta’kidladi.