TOShKENT, 8 dek — Sputnik. O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi bosh konsuli Abdusalom Hotamov Ural davlat tog‘-konchilik universitetida ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi.
Bosh konsulxonaning Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, hozirda mazkur dargohda yuzdan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.
Uchrashuvda universitet rektori Aleksey Dushin va 30 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.
Aleksey Dushin ishtirokchilarni qutlar ekan, bunday uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim ekanligini qayd etdi.
Bosh konsul Abdusalom Hotamov o‘z so‘zida bo‘lajak muhandislarni tayyorlayotgan universitet rektori va jamoasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
"Universitetda o‘zbekistonlik talabalar munosib ta’lim olmoqda, bu esa kelajakda o‘z ona yurti ravnaqiga katta hissa qo‘shish imkonini beradi. O‘zbekistonda hali ham ochilmagan foydali qazilma konlari ko‘p”, - dedi Abdusalom Hotamov.
Ural Davlat tog‘-konchilik universiteti
© O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi
Tadbir davomida birinchi kurs talabalari universitetning ijtimoiy hayotida yanada faol ishtirok etish, talabalar tashkilotlariga a’zo bo‘lish istagini bildirishdi. O‘z navbatida universitet rektori talabalarning istagini qo‘llab-quvvatladi.
Ural Davlat tog‘-konchilik universiteti
© O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi Bosh konsulxonasi
Ma’lumot uchun, Ural davlat tog‘-konchilik universiteti 1914-yilda konchilik instituti sifatida tashkil etilgan Yekaterinburg va Uraldagi eng qadimgi universitet hisoblanadi. 2014-yilda universitetning 100-yilligi nishonlandi, shu vaqt ichida 50 mingdan ortiq kon muhandislari, yuzlab doktorlar va fan nomzodlari tayyorlandi. Universitetda konchilik, mashinasozlik, transport jarayoni texnologiyasi, neft va gaz geologiyasi kabi 25dan ortiq yo‘nalishlar mavjud.