TOShKENT, 6 dek — Sputnik. Rossiya Davlat pedagogika universitetida o‘zbek madaniyat markazi ochildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin va Rossiya Maorif vaziri Sergey Kravsov ishtirok etdi. Bu haqda RF Maorif vazirligi xabar berdi.
“O‘zbekiston Respublikasi bilan tajriba almashish biz uchun juda muhim. Shuni ta’kidlashni istardimki, maktabgacha ta’limni o‘rganish Gersen universiteti devorlarida talabga ega. Insonning shakllanishi aynan shu davrdan boshlanadi. Biz yaqinda Toshkentda A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining filialini ochdik va men bunday madaniy almashinuv mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirish uchun foydali, deb hisoblayman”, - deydi Sergey Kravsov.
Rossiya Ta’lim vazirligi rahbari, shuningdek, tajriba tariqasida Rossiyaning oshpazlik san’ati bo‘yicha ixtisoslashgan bir qancha kollejlarining qiziquvchilari uchun o‘zbek oshxonasi bo‘yicha kurslar tashkil etishni taklif qildi.
“Mana shunday qisqa muddatda bu yerda Sharqning, serquyosh O‘zbekistonning ajoyib muhiti yaratildi. Biz bu makon ikki davlat yoshlarini birlashtirishini xohlardik. Bunday maskan qardosh xalqlarimizni milliy madaniyat va an’analarni singdirish orqali birlashtirishi kerak. Bu yerga kelib, qulaylik muhitiga sho‘ng‘ishingizni, do‘stlaringizni bu yerga olib kelishingizni istardim”, - deydi Agrippina Shin madaniyat markazini ocharkan.
Ma’lumot uchun, tadbir O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi delegatsiyasining Sankt-Peterburgga tashrifi doirasida hamda Sankt-Peterburg hukumati ko‘magida o‘tkazildi.
Rossiya Maorif vaziri Sergey Kravsov 31-oktabrdan 4-noyabrgacha O‘zbekiston Respublikasida bo‘lgandi. Tashrif doirasida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda Rossiya Maorif vazirligi rahbaridan tashqari O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin va O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov ishtirok etdi. Shuningdek, Sergey Kravsov Toshkentda Erta yoshdagi bolalarni parvarish qilish va ta’lim bo‘yicha YuNESKOning II Butunjahon konferensiyasida nutq so‘zladi.
Noyabr oyi oxirida Toshkent shahrida “Zamonaviy maktabda o‘qitish metodikasi: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusida umumiy ta’lim muammolariga bag‘ishlangan O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Rossiya Maorif vazirligi Gersen universiteti bilan birgalikda A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkentdagi filiali bazasida forumni tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etdi.