TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmati ishga tushirildi. Bu haqda portal matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Endi fuqarolar my.gov.uz orqali ko‘p yillik dov-daraxtlarga kadastr pasportini shakllantirish va ularga bo‘lgan huquqlarni masofadan turib davlat ro‘yxatidan o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Buning uchun jismoniy yoki yuridik shaxs:
my.gov.uz da ro‘yxatdan o‘tadi;
“Ko‘p yillik dov-daraxtlarga kadastr pasportini shakllantirish va ularga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish” xizmatini tanlaydi;
Ko‘p yillik dov-daraxtlarga bo‘lgan huquqni belgilovchi hujjatni ilova qiladi.
Xizmat ko‘rsatish muddati murojaat turiga qarab, 2-5 kunni tashkil qiladi. Xizmat narxi BHMning 1 baravari (hozir 300 ming so‘m) va har 1 gektar dov-daraxtlar bilan egallangan yer uchastkasi uchun BHMning 7 foizi miqdorida.
Mazkur jarayon ko‘p yillik dov-daraxtlarning turlari, soni va ular egallagan maydon to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga kiritilishi orqali amalga oshiriladi.