TOShKENT, 5 dek — Sputnik. “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli gaz konlarida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari yildan-yilga kamayib borapti. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 2021-yilda belgilangan rejaga nisbatan 200 mln metr kub kam tabiiy gaz qazib chiqarilgan, 2022-yilning 11 oyida rejaga nisbatan 5 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarildi.
Qayd etilishicha, jamiyatga qarashli gaz konlarida rejaga nisbatan sutkasiga o‘rtacha 7,1 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarilmoqda. Buning asosiy sabablari gaz konlarida tabiiy gaz zaxiralarining kamayib borayotganligi va konlarda avariyalar kelib chiqayotganligidir.
“Bugungi kunda ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan havo haroratining keskin sovib ketishi sababli quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq ichki iste’mol uchun, xususan aholi va ijtimoiy soha obyektlari hamda issiqlik elektr stansiyalariga yo‘naltirilmoqda”, - deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan ko‘zlangan maqsad – birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab, o‘quv yurtlari, shifoxonalar va boshqalar) energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash hisoblanadi.
“Hozirgi kunda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirishning zarur chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda. Shu munosabat bilan iste’molchilardan ushbu holatni to‘g‘ri tushungan holda energiya resurslaridan imkon qadar oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz”, deya yakunlagan vazirlik xabarini.
Avvalroq,"Hududgazta’minot" AJ fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishlari va birinchi navbatda zarur bo‘lgan gaz jihozlarini ishlatishni, uydan chiqib ketayotganda esa isitish moslamalarining haroratini iloji boricha pasaytirishni so‘ragandi.