TOShKENT, 5 dek — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros kodeksi” ishlab chiqildi va muhokama uchun e’lon qilindi. Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirildi.
Kodeksning maqsadi madaniy meros sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Hujjat 7 bo‘lim va 175 moddadan iborat.
Yangi kodeks loyihasi - madaniy meros sohasidagi asosiy tushunchalar va prinsiplar, merosning turlari va toifalari hamda ushbu sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Yangi qonun loyihasiga moddiy va nomoddiy madaniy meros, diqqatga sazovor joylar, yodgorliklar, ansambllar, muzey fondining davlat reyestri kabi tushunchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, tarixiy, ilmiy-badiiy yoki boshqa madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘char ashyolar, shuningdek, davlat tomonidan moddiy madaniy meros sifatida muhofazaga olingan nusxalar madaniy boyliklar hisoblanadi.
Hujjatga ko‘ra, madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvini Vazirlar Mahkamasi, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, Madaniyat vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, “O‘zarxiv” agentligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Hujjat muhokamasi 16-dekabrgacha davom etadi.