TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Buyuk Britaniyaning hukmron Konservativ partiyasi raisi Nazim Zahavi mamlakatning tibbiyot xodimlarini ish tashlash va ish haqini oshib borayotgan narxlarga muvofiqlashtirish talablaridan voz kechishga chaqirdi, chunki bu go‘yoki Britaniya jamiyatidagi parchalanishni istayotgan Rossiyaga yordam berishi mumkin.
“Hozir birlashish va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bu tariqa oramizga nizo sola olmasligini anglatuvchi aniq signal yo‘llash vaqti”, - dedi u “Sky News” telekanaliga bergan intervyusida.
Ammo Qirollikning hamshiralar kolleji bosh kotibi Pet Kallen Buyuk Britaniyadagi past maosh muammolaridan diqqatni chalg‘itish uchun Ukrainadagi mojaro mavzusiga murojaat qilish nojoiz ekanini ma’lum qildi.
Bu yil Buyuk Britaniyada qator kasb egalari ommaviy norozilik namoyishlarini e’lon qilishdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oktabrda inflyatsiya 11,1 foizni tashkil etgan va bu so‘nggi 40-yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich.
Poytaxt avtobuslari haydovchilari, jinoiy ishlar bo‘yicha advokatlar, pochta xodimlari ommaviy ish tashlashni uyushtirib bo‘lishdi. Dekabr oyida tibbiyot xodimlari ish tashlash aksiyasini uyushtirishni rejalashtirishmoqda.