TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Mustaqil moliyaviy va to‘lov infratuzilmasini yaratish va o‘zaro hisob-kitoblar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish zarur. Bu haqda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov Samarqand biznes-forumining ochilishidagi nutqida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
“Bularning barchasi, jumladan, O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyadan pul o‘tkazmalari xavfsizligi kafolati hisoblanadi. Oxirgi besh yil ichida mamlakatimizdan transferlar ikki baravar oshdi. O‘zbekiston uchun bu YaIMning 8 foizigacha yoki yiliga 5,5 mlrdga teng”, - deydi u.
Rossiya vaziri, shuningdek, sentabr oyida Moskva birjasida o‘zbek so‘mida savdolar boshlanganini eslatdi. Bu, o‘z navbatida, milliy valyutalardan foydalanishga turtki bo‘ladi.
Reshetnikov o‘zaro hisob-kitoblar mavzusi turizmni rivojlantirish, jumladan, sayyohlarning Rossiya va O‘zbekistonda qulay dam olishlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.
“Bu yerda boshlash uchun allaqachon yaxshi baza bor. Bu yil sayyohlar oqimi bo‘yicha biz koronavirusdan oldingi 2019-yil ko‘rsatkichlaridan oshamiz. Mamlakatlarimiz hukumatlari darajasida tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi doirasidagi ishlar bu natijani mustahkamlashga yordam beradi”, - deydi Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri.
Reshetnikovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va O‘zbekistonda korxonalar ochish va rivojlantirish bo‘yicha so‘rovlar ko‘paymoqda. Shunday qilib, kompaniyalar ikki davlat bozorlari imkoniyatlari, shuningdek, tartibga solish va qo‘llab-quvvatlash choralaridan manfaatdor.
“Forum ushbu savollarga javob berishga, tajriba almashishga va yangi aloqalarni topishga yordam beradi. Bu muammoni ham ishonch telefoni orqali vazirliklar darajasida hal qilamiz”, - dedi u.