TOShKENT, 1 dek — Sputnik. O‘zbek seleksioner olimlari rokambolning (sarimsoqpiyoz) O‘zbekistonga moslashtirilgan navini yaratishdi. Bu haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda ilk bor noa’anaviy sabzavot ekini rokambolning yangi “Baraka” navini ixtiro qilishga erishildi.
“Ushbu sabzavot turi yurtimizda hali keng tarqalmagan bo‘lsa-da, yaqin kelajakda uni har qanday tomorqada uchratish mumkin bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Rokambolning yangi “Baraka” navi
© Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Ma’lumot uchun, rokambol bir vaqtning o‘zida ham piyoz, ham sarimsoqning ta’mini beradi. Ko‘pgina ovqatlarda piyoz va sarimsoq o‘rnida ishlatiladi. Rokambol piyoz va sarimsoq belgilarini o‘zida mujassamlashtirgan o‘tsimon o‘simlik.
Uning tarkibida magniy, rux, temir va marganes elementlari mavjud. Organizmdagi qon tomirlarni samarali tozalashga yordam beradi va yurak kasalligi havfini kamaytiradi. Ko‘k massasi bargida ko‘plab A, C, E vitaminlari hamda karotin va temir moddalari mavjud.
Ushbu sabzavot juda ko‘p foydali xususiyatlarga ega va deyarli butun tanaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ammo uni iste’mol qilishga doir qarshi ko‘rsatmalar ham bor. Oshqozon, o‘t pufagi yoki buyrak kasalliklari borlar uni ko‘p miqdorda iste’mol qilmaganlari ma’qul.
Rokambol ba’zi mamlakatlarda misr piyozi, ispan sarimsog‘i, piyoz-sarimsoq deb ham ataladi. Tabiiy sharoitda Ispaniya va Misrda o‘sishi aniqlangan. Hozir u Yevropada, Shimoliy Kavkaz, Xitoy, Koreya, Yaponiya, va qisman Rossiyada yetishtiriladi.