Yerlarni auksionga chiqarish soddalashtiriladi

Yangi tartibga muvofiq yerlarni auksionga chiqarish bosqichlari 13tadan 8taga tushiriladi va yer olish uchun sarflanadigan vaqt 74 ish kunidan 22 ish kunigacha qisqartiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Yerlarni xususiylashtirishni osonlashtirish uchun uchastkalarni auksionga chiqarish bosqichlari kamaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning yerlarni auksion orqali sotishni soddalashtirishga oid takliflar bilan tanishishi chog‘ida aytib o‘tildi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, amaldagi ishlar tahlili bu tizimda ayrim kamchiliklar borligini ko‘rsatgan. Xususan, auksionga chiqarish taklif etilgan 12 mingtadan ziyod uchastka qishloq xo‘jaligi yerlarida yoki muhofaza hududida joylashgani aniqlangan. Bo‘sh yer uchastkalari “Yerelektron” axborot tizimiga faqat qurilish bo‘limlari tomonidan kiritilayotgani sababli, hamma bo‘sh yerlarni topish jarayoni to‘liq qamrab olinmayapti. Shu bois bu jarayonga kadastr organlarini jalb etish taklif etilmoqda.
Amaliyotda qiyinchilik tug‘dirayotgan yana bir muammo – yerlarni auksionga chiqarish bosqichlari ko‘pligi. Hozirgi kunda bu 13 ta bosqichdan iborat bo‘lib, ijara huquqi bilan yer olishda 48 ish kuni, mulk huquqida 74 ish kunigacha vaqt ketmoqda. Shu bois yerni auksionga chiqarish bosqichlarini 8 taga tushirib, muddatlarini tegishlicha 16 va 22 ish kunigacha qisqartirish mumkinligi aytildi.
Bosh rejasi yo‘q ayrim shaharchalarda jarayonni tezlatish uchun yerlarni hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda, master-reja asosida auksionga chiqarish taklifi bildirildi.
Kichik sanoat zonalarining hududi esa aniq. Shu bois ulardagi yerlarni bosh rejada nazarda tutilgan lotlarga muvofiq, sodda tartibda tadbirkorlarga berish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, aholi o‘zi foydalanib kelayotgan yerlarni xususiylashtirishi uchun undiriladigan to‘lov Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida yillik yer solig‘ining 10 baravari, boshqa hududlarda 5 baravari miqdorida belgilanmoqda. Hozirda bu to‘lov yer solig‘ining 20 baravari miqdorida.