TOShKENT, 30 noya — Sputnik. Namangan xalqaro aeroportida qalin tuman tufayli ko‘rinishning yomonligi (200 m) sabab reyslarni qabul qilish va jo‘natish vaqtincha cheklandi. Ikkita reys muqobil aerodromlarga yuborildi, deb xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” AJ matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, noqulay ob-havo sharoiti tufayli “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Krasnoyarsk — Namangan yo‘nalishi bo‘yicha HY9824 reysi mahalliy vaqt bilan soat 07:23 da Toshkent aeroportiga qo‘ngan. Samolyot yaqin vaqtda ob-havo yaxshilanishi bilan Toshkentdan Namanganga, u yerdan esa Ufaga uchish kutilmoqda.
"Red Wings" aviakompaniyasining Yekaterinburgdan Namanganga uchayotgan WZ1127 reysi soat 09:47 da Farg‘onaga qo‘ngan.
HY9858/073 Ufa — Namangan — Buxoro (taxminiy kelish vaqti — soat 14:30), HY74/47 Buxoro — Namangan — Samarqand (kelish — soat 19:05), HY48 Samarqand — Namangan (kelish vaqti — soat 23:00) reyslari ham ob-havo sharoiti tufayli kechiktirilishi kutilmoqda.