Rossiya bosh vaziri O‘zbekistonga keladi

Rossiyaning O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, tashrif 1-2 dekabr kunlari amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 noya — Sputnik. Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 1-2 dekabr kunlari O‘zbekistonda tashrif bilan bo‘ladi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi Savdo vakolatxonasi xabar bermoqda.
Samarqandda Rossiya-O‘zbekiston biznes forumi bo‘lib o‘tadi. Forumning asosiy majlisida Rossiya Hukumati rahbari Mixail Mishustin va O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etadi.
Forumda transport-logistika, sanoat loyihalari, savdo-iqtisodiy hamkorlik, kichik va o‘rta biznes o‘rtasidagi hamkorlik kabi masalalar muhokama qilinadi.
Qolaversa, tadbir doirasida Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda rossiyalik ishlab chiqaruvchilarning Xalqaro biznes missiyasi bo‘lib o‘tgan edi. Respublikaga Rossiyaning tog‘-kon, metallurgiya va yuk tashish uskunalarini ishlab chiqaruvchi 15 ta korxonasi vakillari kelgandi.
Yalpi majlisda ishtirokchilar O‘zbekiston bozoriga kirishning o‘ziga xos xususiyatlari, mamlakatda tashqi savdo faoliyatini tartibga solish va yuritish tartibi, kon-metallurgiya sanoatida loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatlari, shuningdek, cheklovlar ostida eksport qilish istiqbollarini muhokama qilishdi.