MDH mamlakatlari jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid dastur loyihasini kelishib olishdi

Qo‘shma chora-tadbirlar Davlatlararo dasturi 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan.
Sputnik
TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma chora-tadbirlar Davlatlararo dasturi loyihasini kelishib olishdi.
Minsk shahrida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma chora-tadbirlar Davlatlararo dasturi va MDH Davlat rahbarlari kengashining mazkur masala bo‘yicha qarori loyihalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ekspert guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, shuningdek, Hamdo‘stlikning qator ixtisoslashgan sanoat tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, dasturning qabul qilinishi MDHga a’zo davlatlarning jinoyatchilikka qarshi kurashda o‘zaro hamkorligini tizimli rejalashtirish, vakolatli organlarning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish zarurati bilan bog‘liq.
Dastur transchegaraviy jinoyatchilikning barcha ko‘rinishlarida qarshi kurashish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy va amaliy chora-tadbirlar majmuini o‘z ichiga oladi.
Hujjatda odam savdosi, noqonuniy migratsiya, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashish chora-tadbirlari ham o‘z aksini topgan.
MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi Beketjan Jumaxanovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur hujjat loyihalari MDHga a’zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari kengashi tomonidan maqullangan va taqdim etilgan.
Loyihada muvofiqlashtirilgan idoralararo, tezkor va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashish amaliyotini davom ettirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida o‘quv mashg‘ulotlari, faol axborot almashish masalalariga ustuvor ahamiyat beriladi.
Ekspert guruhi a’zolari tomonidan kelib tushgan fikr-mulohazalar va takliflar ko‘rib chiqilib, hujjatlar loyihalari yakuniga yetkazildi va kelishib olindi.