Indoneziyada zilzila qurbonlari soni 250 nafardan oshib ketdi

Zilzila qurbonlari soni ortishda davom etapti. Ma’lumotlar muntazam yangilanyapti.
Sputnik
TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Indoneziyaning Chianjur shahrida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 268 nafarga yetdi. Bu haqda “Detik” portali mamlakat tabiiy ofatlarni nazorat qilish xizmati rahbariga tayanib, xabar berdi.
Tabiiy ofat oqibatida kamida 377 kishi jarohatlangan, 31 kishi bedarak yo‘qolgan. 2300 dan ortiq uy butunlay vayron bo‘lgan yoki jiddiy zarar ko‘rgan. Zilzilaning halokatli kuchi silkinish epimarkazining yuzaroqda joylashgani bilan bog‘liq. Bundan tashqari, zilzila kamida bitta qishloqni qamrab olgan ko‘chkini keltirib chiqardi.

“Biz hozirda 268 kishi vafot etganini bilamiz. Ma’lumotlar muntazam yangilanib boradi”, - dedi xizmat rahbari Suxaryanto bugun onlayn matbuot anjumanida.

Suxaryanto, shuningdek, 122 nafar qurbonning shaxsi aniqlanganini aytdi. Identifikatsiya jarayoni davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 21-noyabr kuni G‘arbiy Yava provinsiyasining Chianjur okrugining janubi-g‘arbiy qismida 5,6 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi.
Indoneziya “Olov halqasi”da joylashgani sababli tez-tez zilzilalar, vulqon otilishi va sunamilardan aziyat chekadi. Bu Tinch okeanini o‘rab turgan 40 ming kilometr uzunlikdagi vulqonlar va tektonik yoriqlar aylanasidir. Aynan “Olov halqasi”da sayyoradagi insoniyatga ma’lum bo‘lgan bir yarim mingga yaqin vulqonlarning deyarli 90 foizi joylashgan. Yer yuzidagi barcha zilzilalarning 90 foizi ku yerda sodir bo‘ladi.
2022 yil fevral oyida Indoneziyaning G‘arbiy Sumatra shahrida sodir bo‘lgan 6,2 magnitudali zilzila oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi, 460 dan ortiq kishi jarohatlandi.
2021 yil yanvar oyida Indoneziyaning G‘arbiy Sulavesi provinsiyasida sodir bo‘lgan 6,2 magnitudali zilzila oqibatida 100 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 6500 ga yaqin kishi jarohatlangan edi.