Abu Dabida O‘zbekiston paviloni ochildi

Abu dabida bo‘lib o‘tayotgan “Shayx Zoid” madaniy meros an’anaviy festivalida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda - tafsilotlar.
Sputnik
TOShKENT, 21 noya — Sputnik. Abu Dabi amirligining Al Vatba hududida boshlangan “Shayx Zoid” festivalida “O‘zbekiston” paviloni ochildi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.
“Shayx Zoid” madaniy meros an’anaviy festivali to‘rtinchi marta tashkil etilmoqda. U 18-noyabrdan 2023-yil 18-martga qadar davom etadi.
Tadbir doirasida “Xush kelibsiz!” nomi ostida dronlar va lazer chiroqlari hamda Amirlik favvoralari shoulari, mushakbozlik, harbiy meros musiqasi, meros musobaqalari va qiziqarli sport tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Festival uchun tashkil etilgan shaharchada 20 dan ortiq ishtirokchi mamlakat pavilonlari, yangi qo‘shilgan San’at shaharchasi, “ Selfie street” maydoni, Sahro muzeyi, bolalar maydonchalari, gullar shaharchasi va oziq-ovqat mahsulotlari pavilonlari tashkil etildi.
O‘zbekiston paviloni O‘zbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, unda Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 31-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati Sputnik muxbiriga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston pavilonida 6ta turli hunarmandchilik yo‘nalishlarida do‘konlar o‘z ishini olib boradi. O‘zbek oshpazlari milliy taomlarni namoyish qilishadi. Ishtirokchilar esa mazkur taomlarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.
Abu Dabida “O‘zbekiston” paviloni ochildi
Tadbirda Qatardagi futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun Samarqanddan yo‘lga chiqqan va ayni damda Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turgan delegatsiya ham ishtirok etdi.
Abu Dabida “O‘zbekiston” paviloni ochildi
"O‘zbekiston” pavilonida musiqiy jamoalar, hunarmandlar hamda oshpazlar ishtiroki ta’minlangan holda mamlakatning turizm salohiyati keng targ‘ib qilinadi.
Abu Dabida “O‘zbekiston” paviloni ochildi
Aytilishicha, tadbirda BAAdagi O‘zbekiston fuqarolari, san’atkorlar guruhi va blogerlar jamoasi bilan birgalikda festival asosiy maydoni bo‘ylab O‘zbekiston bayrog‘i ostida parad uyushtirildi.