TOShKENT, 20 noya — Sputnik. AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning Twitter᾽dagi sahifasi qayta tiklandi.
Kuni kecha amerikalik tadbirkor Ilon Mask Twitter᾽da Trampning akkauntini blokdan chiqarish yoki chiqarmaslik xususida so‘rov o‘tkazgandi.
So‘rovda 15 millionga yaqin foydalanuvchilar qatnashgan. So‘rovda qatnashgarlarning 51,8 foizi blokdan chiqarishni yoqlab ovoz bergan, 48,2 foizi esa qarshi chiqqan. Trampning o‘zi bu so‘rovga munosabat bildirib, bu ijtimoiy tarmoqqa qaytish niyati yo‘qligini bildirgandi.
“Odamlar o‘z fikrini bildirdi. Tramp qayta tiklanadi”, - deya yozdi Twitter kompaniyasining yangi egasi Ilon Mask.
2009 yil martida yaratilgan Tramp sahifasida uning barcha bayonotlari saqlanib qolingan. So‘nggi xabar 2021-yil 8-yanvarda yozilgan.
2021 yil boshida Twitter Trampga o‘z xizmatidan foydalanishni taqiqlab qo‘ygandi. Bu o‘sha payt davlat rahbari bo‘lgan Trampning tarafdorlari AQSh Kongressida bo‘lib o‘tgan prezident saylovi natijalarini tasdiqlashga to‘sqinlik ko‘rsatishga urinishganidan keyin ro‘y berdi. Saylovda Jo Bayden g‘olib bo‘lgandi. Twitter ma’muriyati Tramp akkauntini uning tvitlari odamlarni tartibsizlik uyushtirishga undashi mumkin degan vaj bilan bloklab qo‘ygandi.